
Qadrli yoshlar, mehribon ota-onalar va muhtaram ustozlar!
Ota-ona uchun farzand dunyodagi eng aziz neʼmat, oila quvonchi, hayotning, ajdodlar moddiy-maʼnaviy hayotining davomiyligini taʼminlovchi vositadir. Ota-ona boʻlish juda katta baxt. Shu boisdan, har bir ota-ona oʻz bolasini koʻz qorasiday asraydi, himoya qiladi.
Yurtning rivoji, xalqning baxt-saodati va barkamolligi kelajak avlod qoʻlidadir. Kelajak avlod qancha yaxshi tarbiya koʻrgan boʻlsa, davr, zamon ham shuncha yaxshilik tomon oʻzgaradi va farovonlik ortib boradi. Ana shu sababli, har bir ota-ona, ustoz-murabbiylar oldida ulkan va muhim vazifalar turibdi.
Koʻp yillik pedagogik tajribalar tarbiyaning erta-kechi, boshlanishi va oxiri boʻlmasligini koʻrsatmoqda. Uni bir nafas ham oʻz holiga qoʻyib boʻlmaydi. Chunki, bugun qanday koʻchat eksak, ertaga shunday meva olamiz. Zotan, Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, “Tarbiya biz uchun yo hayot–yo mamot, yo najot–yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.
Aziz farzandlarimiz, qadrli talabalar!
Yurtimizning yorqin kelajagi va xalqimizning umidu ishonchi qora koʻzlarimizga bogʻliq. Oʻz navbatida, kelajagimiz egalari ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda, mukammal bilim olishi va kasb-hunar egallashi, shuningdek, xalqimizning orzu-istaklarini amaliy ishlar bilan roʻyobga chiqarishni oʻz oldiga maqsad qilishlari lozim. Zero, davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz”, degan ulugʻvor maqsadlarini amalga oshirishda belni mahkam bogʻlab, harakat qilmogʻimiz kerak.Taʼlim jarayonida faol boʻling, jamoat ishlari, toʻgaraklar va ilmiy innovatsion loyihalarda qatnashing, universitet ichki tartib va odob-axloq qoidalariga amal qiling, ota-onangizning ishonchini oqlang, ularga oʻqishdagi natijalar haqida muntazam maʼlumot berib turing. Dunyoda globallashuv jarayoni izchil davom etayotgan sinovli kunlarda kelajagimiz bunyodkorlari boʻlmish, aziz yoshlar, salomatligingizni asrang, millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik illati, narkojinoyatchilikka va boshqa turli maʼnaviy illatlarga qarshi kurashing. Sogʻlom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshiruvchi kuch ekanligini unutmang.
Hurmatli ota-onalar!
Bugungi kunda oddiy bir haqiqat barchamiz uchun ayon boʻlishi kerak. Oldimizda turgan eng ulugʻ maqsadlarimiz – mamlakatimizning buyuk kelajagi ham, ertangi kunimiz, erkin va farovon hayotimiz ham, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida qanday oʻrin egallashi ham – bularning barchasi, avvalambor, yangi avlod, unib-oʻsib kelayotgan farzandlarimiz qanday insonlar boʻlib voyaga yetishiga bogʻliqdir. Renessans taʼlim universiteti bizning orzu-umidlarimizni amalga oshiruvchi maʼrifat va madaniyat maskani hisoblanadi. Farzandlarimiz taqdiriga befarq boʻlmagan holda universitetda faoliyat yuritayotgan barcha jamoa aʼzolarining zahmatli mehnatini qadrlashimiz, “hamkorlik pedagogikasi”ga asoslangan holda ular bilan uzviy hamkorlikda boʻlishimiz kerak. Sizdan universitet bilan muntazam aloqada boʻlish, ota-onalar yigʻilishlarida ishtirok etish, farzandingizning oʻqishdagi ishtiroki va faolligini doimiy ravishda kuzatib borish, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi va ijtimoiy hayotdagi yurish-turishini nazorat qilish soʻraladi. Chunki, bugun aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlik, narkojinoyatchilik kabi illatlar tobora avj olmoqda. Barchamiz jigarbandlarimizning kelajagi va taʼlim-tarbiyasi uchun birgalikda masʼuldirmiz.
Muhtaram ustozlar!
Dunyoda kasblar juda koʻp, har birining hayotda oʻz oʻrni, oʻz ahamiyati bor. Lekin ular orasida shunday bir ulugʻ kasb borki, boshqa barcha kasblar uning negizida shakllanadi va taraqqiy etadi. Bu oʻqituvchilik kasbidir. Ustozning eng buyuk burchi – yurt ravnaqiga oʻzining munosib hissasini qoʻsha oladigan, aql-idrokli va qobiliyatli mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Ustoz yaxshi shogird tayyorlash uchun, avvalo, uning oʻzi kasbiy mahoratga ega, maʼnan barkamol, keng dunyoqarash va sogʻlom fikrga ega boʻlmogʻi lozim. Universitet professor-oʻqituvchilaridan talabalar bilan muntazam muloqotda boʻlish, ularning qiziqishlari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlarga zamonaviy taʼlim, ilm-fan sir-asrorlarini oʻrgatish, ota-onalari bilan mustahkam aloqada boʻlish, talabalarning yutuq va muammolarini oʻz farzandingiz yutuq va muammolari sifatida qabul qilishingizni soʻraymiz. Farzandlarimizni turli xil maʼnaviy tahdidlar, giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan asrash, ularning salomatligini taʼminlash hamda millat genofondini samarali himoya qilish yoʻlida jonbozlik koʻrsataylik.
Renessans taʼlim universiteti “Ota-onalar kengashi” “TALABALAR – OTA-ONALAR – USTOZLAR” hamkorligini taʼminlashda mustahkam koʻprik, muloqot maydoni boʻlishga doimo tayyor.